Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-noyabrdagi 635-son qarori bilan tasdiqlangan Baholovchilarga malaka sertifikatini berish Pasportiga asosan baholovchi tomonidan bir yil davomida muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) baholash toʻgʻrisidagi hisobot hamda ekspert xulosasi notoʻgʻri tuzilsa Baholovchining malaka sertifikatini amal qilishi sud qaroriga asosan bekor qilinadi.
Sudlarning soʻrovnomalariga koʻra bahsli vaziyatlarda baholanadigan obyektlarning baholash boʻyicha materiallarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha ekspert komissiyasi tomonidan “Elit Innovatsion Baholash” MChJ baholovchi tashkilotida faoliyat yuritayotgan baholovchi Xudoybergenov Dilshod Ilxamovich tomonidan tayyorlangan 10 ta ekspert xulosasi haqqoniy emas deb topilgan.
Maʼlumot uchun: Mazkur komissiyaning ishlarini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarning haqqoniyligini ekspertizadan oʻtkazish mexanizmini tasdiqlash haqida”gi 2008-yil 28-iyuldagi 161-son qarori bilan tasdiqlangan va ushbu qarorga asosan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.
Shu bois, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining daʼvo arizasiga asosan Fuqarolik ishlari boʻyicha Urganch tumanlararo sudining 2024-yil 1-noyabrdagi hal qiluv qaroriga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2024-yil 11-dekabrdagi 266/11-qr-son qaroriga asosan Xudaybergenov Dilshod Ilxamovich nomiga 2022-yil 29-iyulda berilgan 0661-son baholovchining malaka sertifikatini amal qilishi bekor qilindi.
Shuningdek, ushbu sertifikat bekor qilinganligi toʻgʻrisida Baholovchi malaka sertifikatiga ega shaxslar reyestriga maʼlumotlar kiritildi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 24-apreldagi “Baholovchi tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati uchun ularning masʼuliyatini oshirish toʻgʻrisida”gi PQ-843-son Qaroriga asosan Qonun hujjatlarini buzganlik uchun Xudoybergenov Dilshod Ilxamovichga berilgan malaka sertifikatini amal qilishi bekor qilinganligi sababli, malaka sertifikati amal qilishi bekor qilingan vaqtdan boshlab bir yil mobaynida malaka sertifikatini takroran olish uchun imtihonga qoʻyilmasligi maʼlum qilinadi.
Hurmatli yurtdoshlar va biznes vakillari!
Baholovchi tashkilot va buyurtmachi oʻrtasidagi shartnomaviy munosabatlarda turli xil tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida, baholovchilarni jalb qilishdan avval quyidagi havola orqali baholovchining malaka sertifikatini tekshirib olishingizni soʻraymiz.
Havola: https://data.egov.uz/uzbKr/data/6110b9c9db32b99538e0814f