Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

28 Aprel 2020

Ikkinchi Toshkent xalqaro investisiya forumida davlat ishtirokidagi korxonalar boshqaruvi masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 27-28 aprel kunlari poytaxtda bo‘lib o‘tgan ikkinchi Toshkent xalqaro investisiya forumi (TIIF-2023) doirasida "Davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni transformasiya qilish, rivojlanish uchun "tezkor qadamlar"" panel muhokamasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortikov ma'ruza bilan ishtirok etdi. Ma'ruzaning to‘liq matni va tezislari:

“Toshkent xalqaro investitsiya forumi”da Davaktiv agentligi direktori
A.J. Ortikovning nutqi

I. Kirish qismi:

Assalomu alaykum hurmatli forum ishtirokchilari!

Davlatimiz rahbari boshchiligida soʻnggi yillarda iqtisodiyotimizni rivojlantirishga qaratilgan jadal islohotlar olib borilmoqda!

Davlat ishtirokidagi korxonalarining faoliyatini toʻliq bozor mexanizmlariga oʻtkazish, korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etish va xususiy tadbirkorlik rivojlangan iqtisodiyotning tarmoqlarida ular sonini keskin kamaytirish ushbu tizimli islohotlarning ajralmas qismiga aylandi.

II. Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish boʻyicha:

Davlat ishtirokidagi korxonalarni faoliyatining samaradorligini hamda shaffofligini taʼminlash maqsadida quyidagi tizimli islohotlar amalga oshirildi.

kuzatuv kengashi va ijro etuvchi organ aʼzolarini vakolat muddati uch yilga uzaytirildi.

Endilikda, Davaktiv agentligi ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashiga davlat ulushi boʻyicha aʼzolik uchun nomzodlarni jalb etish raqobat tamoyillariga muvofiq tanlov asosida amalga oshiriladi!

Ilk bor, joriy yil 20-aprel kuni, Davaktiv agentligi “Trest-12” AJ, “Qishloq qurilish invest” MCHJ  va “Oʻzogʻirsanoatloyiha” AJ kabi 61 ta korxonalarning kuzatuv kengashiga davlat ulushi boʻyicha 306 nafar aʼzolikka nomzodlarni jalb etish yuzasidan tanlov eʼlon qilindi.

Shu bilan birga, bundan buyon davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbari va uning oʻrinbosarlarini tayinlash (saylash) tanlov asosida amalga oshiriladi.

korxonalarning kuzatuv kengashi tarkibiga davlat organlari xodimlari sonini kamaytirish hisobiga kamida bir nafar mustaqil aʼzo kiritilishi belgilandi. Bugungi kunda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Oʻzbekiston ayeroportlari” AJ va “Navoiyuran” DK kabi 57 ta korxonalarda 87 nafar mustaqil aʼzolar mavjud;

davlatning korxona faoliyatida ishtirok etish uchun maxsus huquqi, yaʼni “Oltin aksiya” bekor qilindi;

Davaktiv agentligi davlat ishtirokidagi korxonalarning yillik moliyaviy hisobotlar tahlilini 2022-yilda ilk marotaba Davaktiv agentligining rasmiy veb sahifalarida chop etish amaliyotini joriy etdi.

Bunda, 2021-yil yakuniga koʻra 1 770 ta davlat ishtirokidagi korxonalarni moliyaviy hisobotlar tahlili natijasi boʻyicha, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Oʻzbekneftegaz” AJ kabi 20 ta eng yuqori sof foyda olgan hamda 10 ta eng koʻp dividend toʻlagan, “Oʻztransgaz” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Toshissiqquvvati” AJ kabi 20 ta eng koʻp zarar koʻrgan korxonalar roʻyxati shakllantirilgan.

Mazkur amaliyot bundan buyon doimiy ravishda shakllantirilib, har yili 1-avgustga qadar Davaktiv agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi.

Mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi, unda xususan:

  • mulkdor va tartibga solish vazifalari ajratildi;
  • davlat mulki respublika va munitsipal mulkka toifalanadi;
  • davlat va xususiy korxonalarga teng shart-sharoitlar yaratish hamda davlat korxonalariga imtiyozlar va preferensiyalar berilmaydi;
  • davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga cheklov oʻrnatildi, ular davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq boʻlgan taqdirda tashkil etiladi;
  • Davaktiv agentligi davlat mulkini boshqarish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
  • Davaktiv agentligi davlat mulkini boshqarish samaradorligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga bir yilda kamida bir marta hisobot berib boradi.
  • davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq har yili 1-oktyabrga qadar realizatsiya qilinadigan korxonalar roʻyxati tasdiqlanadi;

III. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish boʻyicha:

Davlat rahbarining 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish zarurati alohida qayd etilgan.

Shu maqsadda, oxirgi ikki yilda yurtimizda bu sohada katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, oʻtgan oʻn yil (2010-19)da 1,2 trillion soʻmlik davlat aktivlarini sotishdan tushum boʻlgan boʻlsa, 2022-yilning oʻzida xususiylashtirish hajmi 11,3 trillion soʻmga yetdi. Yaʼni, soʻnggi bir yilda oʻn yil davomida qilingan ishlardan 10 karra koʻp natijaga erishildi.

Ushbu saʼy-harakatlar natijasiga koʻra tegishli qarorlar doirasida 500 dan ortiq davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish va qariyb 600 ta korxonani qayta tashkil etish va tugatish orqali davlat ishtirokidagi korxonalar soni 40 foizga qisqartirildi.

Davlat rahbarining 2022-yil 20-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida:

faol investitsiyalarni jalb qilishda xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan toʻliq va samarali foydalanish zarurligi;

navbatdagi katta xususiylashtirish doirasida bir mingga yaqin korxona savdoga chiqarilishi;

yurtdoshlarimiz orasida yuz minglab mulkdorlar, aksiyadorlar paydo boʻlishi va oʻz omonatlarini investitsiya qilib, yuqori daromadlarga erishishlari uchun xalqchil IPO tashkillashtirilishi taʼkidlangan.

Shunga koʻra, “sot yoki tushuntir” tamoyili asosida 30 mingdan ortiq davlat ishtirokidagi korxonalar va davlat muassasalari xatlovdan oʻtkazildi va yangi yirik xususiylashtirish dasturi shakllantirildi.

Unga koʻra, 1000 + 1000 + 40xususiylashtirish dasturi ishlab chiqildi. Bu 1000 ta korxonalardagi ulushlarni 1000 ta koʻchmas mulk obyektlarini savdolarga chiqarish va 40 ta strategik ahamiyatga ega boʻlgan korxonalarning ulushlarini AyPiOga chiqarish.

Ushbu dastur iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini qamrab olganligi, davlatning tizimli xususiylashtirish jarayonlarini davom ettirishga boʻlgan qatʼiyatli siyosiy irodasidan dalolat beradi va ortga qaytmas xususiyatga ega.

Katta katta davlat korxonalarini xususiylashtirish boʻyicha tegishli ishlar boshlangan, misol uchun “Oʻzbekneftegaz” AJ, “Uzbekistan airways” AJ, “IES” AJ va “Navoiyazot” AJ kabi korxonalarni xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqish uchun tegishligi boʻyicha Xalqaro moliya korporatsiyasini strategik maslahatchi, Rothschild & Co., Deloitte va KPMG kompaniyalarini jalb qilingan.

xorijiy davlatlar fuqarolariga koʻchmas mulk obyektlarini (bundan yer uchastkasi mustasno) sotib olish tarzida investitsiya kiritishda Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini olish talabi bekor qilindi;

Mazkur xususiylshatirish jarayonlarining xalq manfaatlariga qaratilganligi islohotlarning yangi bosqichiga olib chiqadi.

Xususan, “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosidagi “xalq IPOsi” kompaniyasi doirasida mamlakatimizdagi eng yirik 40 ta korxonalarning oʻrtacha 2 foiz aksiyalar paketi tartibi asosida oʻz aholimiz uchun ochiq va shaffof savdoga chiqariladi.

“xalq IPOsi”da ishtirok etish uchun aholini barcha qatlamlariga imkoniyat yaratish maqsadida fuqarolar oʻrtasida ommalashishga ulgurgan va foydalanuvchilarga qulay boʻlgan “E-auksion” platformasining joriy imkoniyatlaridan foydalaniladi.

“E-auksion” savdo platformasi xalqimiz va fond bozori oʻrtasidagi xalqchil “koʻprik” vazifasini bajaradi. Bunda:

  • platforma orqali talabgorlar 24/7 rejimda identifiqatsiya qilish (ERI, One ID va Mobile-ID);
  • depo hisob raqam ochish;
  • professional brokerni tanlab, ular bilan shartnoma tuzish;
  • fond bozorining professional ishtirokchilari va Markaziy depozitariy hamda xalqaro maslahatchilar jalb qilish imkoniyatlari yaratiladi.

Aksiya sotib olishda talabgorlar huquqlari platformadagi Eskrou tizimi orqali kafolatlanadi.

Toʻlovlar va hisob-kitoblar inson omilisiz platformaning billing tizimi orqali amalga oshiriladi.

“E-auksion” savdo platformasi joriy imkoniyatlari, ommabopligi va infratuzilimasidan foydalanish orqali fond bozori rivojiga ijobiy oʻzgarish boʻlishi kutilmoqda.

Xalq IROsi orqali respublika fond bozoriga talab yuqori boʻlgan yangi resurslar kiritiladi.

Shuningdek, boshqa tegishli xususiylashtirish daturlariga muvofiq “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” AJ, “Uzbekistan airways” AJ va Mikrokreditbank” ATB kabi 20 dan ortiq korxonalar aksiya paketalining bir qismi “Toshkent” RFBda aksiyalarining birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi oʻtkaziladi.

Bunda, Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari yoki norezidentlari boʻlgan mijozlar uchun ularning shaxsiy ishtirokisiz qimmatli qogʻozlar uchun depo hisobvaraqlarini masofadan turib ochish imkoniyatini yaratilgan.

IV. Yakuniy qismi:

Shu fursatdan foydlanib, barcha investorlar va ishbilarmon tadbirkorlarni xususiylashtirish islohotlaridagi qulay va kelgusida sarmoya keltiradigan investiya imkoniyatlarini qoʻldan boy bermaslikka chorlaymiz.

Davlat rahbarimizning 2022-yil 20-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida “xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi” deb taʼkidlanganidek, “xalq IPOsi” kompaniyasida faol ishtirok etib, oʻz omonatlarini investitsiya qilish orqali qoʻshimcha yuqori daromad manbaiga ega boʻlishga chaqirib qolamiz!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

2773 Chop etish