Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

12 Sentyabr 2024

“Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozori” VI xalqaro konferensiyasida Davaktiv agentligi ishtirok etdi

Joriy yilning 12-sentabr kuni moliyaviy bozorlar boʻyicha biznes konferensiyalarning yetakchi provayderi Cbonds-Congress va Investitsiya institutlari milliy uyushmasi tomonidan mamlakatimiz Kapital bozorini isloh qilish va uni jadal rivojlantirish istiqbollari muhokamasiga bagʻishlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozori” VI xalqaro konferensiyasi tashkil qilindi.

Anʼanaga aylangan mazkur konferensiya kapital bozorini tartibga soluvchi masʼul organlar, mahalliy banklar, investitsiya va ishlab chiqarish kompaniyalari, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, reyting agentliklarining 200 dan ortiq vakillari hamda koʻplab ushbu soha ekspertlarini bir maqsadda birlashtirdi.

Mazkur tadbirda Davaktiv agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Miraliyev “Oʻzbekiston moliya bozori: tartibga solish” seksiyasida ishtirok etib, oʻz maʼruzasida davlat aktivlari va yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayonlari, 2024 yilga moʻljallangan istiqbolli rejalar haqida soʻz olib bordi. Xususan, 2024-yilda jami 250 taga yaqin korxonalarning davlat ulushi va 1000 tadan ortiq koʻchmas mulk obyektlari sotilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, A.Miraliyev “Xalqchil IPO” dasturi doirasida yirik kompaniyalarning aksiyalarini “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida ommaviy joylashtirilishi, borasida maʼlumot berib oʻtdi.

“Xalqchil IPO” dasturi mamlakatda aholining barcha qatlamlari orasida keng mulkdorlar sinfini – aksiyadorlarni shakllantirish maqsadida oʻtkazilishini taʼkidlab oʻtdi. Bu uchun Olmaliq KMK, Oʻzbektelekom, Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi va Oʻztemiryoʻlkonteyner kabi yirik kompaniyalarning aksiyalari birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklif etilishi haqida eslatib oʻtdi.

Mazkur Oʻzbekistonning yirik kompaniyalari aksiyalarining ommaviy taklifini oʻtkazish jarayonida mahalliy investorlarning buyurtmalarini qabul qilish “Toshkent” RFB savdo maydonchasida amalda boʻlgan jarayonga qoʻshimcha ravishda, fuqarolar oʻrtasida ommalashishga ulgurgan va foydalanuvchilarga qulay boʻlgan “E-auksion” elektron savdo platformasi, shu jumladan uning mobil ilovasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Bunda, platforma orqali 24/7 onlayn rejimida:

  • talabgorlarni qimmatli qogʻozlar bozori qonunchiligi talablariga asosan identifikatsiya qilish (ERI, One ID va Mobile-ID);
  • professional brokerni tanlab, ular bilan shartnoma tuzish;
  • depo hisob raqam (aksiya/obligatsiya uchun hisob raqam) ochish;
  • mahalliy investorlar tomonidan aksiyalarni sotib olish boʻyicha buyurtmalarni yuborish imkoniyatlari yaratilishi taʼkidlandi.

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan xususiylashtirish sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va erishilayotgan natijalar mamlakat kapital bozorini jadal rivojlantirish yoʻlida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

5331 Chop etish