Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

25 Dekabr 2024

Davaktiv agentligida navbatdagi "Rahbar va yoshlar" ochiq muloqoti tashkil etildi

Joriy yil 24-dekabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi binosida Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortikov ishtirokida tizimidagi yoshlar bilan "Rahbar va yoshlar" ochiq muloqoti tashkil qilindi. Mazkur tadbir Agentlikning markaziy apparati, hududiy boshqarmalari va tizim tashkilotlarining 230 dan ortiq yoshlari ishtirokida boʻlib oʻtdi.

A.Ortikov soʻzining boshida Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2024-yil Oʻzbekistonda “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilinganligi, shuningdek, Prezidentimizning 2024-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinganligi, yurtimizda yoshlarga boʻlgan eʼtibor va ularga nisbatan ishonchning yuqori ekanligidan dalolat berishini taʼkidlab oʻtdi.

Oʻz oʻrnida, bugungi kunda Davaktiv agentligi tizimida 255 nafar yoshlar faoliyat koʻrsatib kelayotgan boʻlsa (jami tizimdagi xodimlarning 24 foizi), ulardan 20 nafari rahbarlik lavozimlarida ishlab kelmoqda. Joriy yil mobaynida yoshlar bilan ishlash, xususan ularni qoʻllab-quvvatlash, malakasini oshirish boʻyicha tizimda bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Davaktiv agentligi tizimidagi yoshlarning bilim va salohiyatlarini oshirish maqsadida:

  • Davaktiv agentligining bir qator yosh xodimlari Xitoy Xalq Respublikasida “Davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish va Oʻzbekistonning xalqaro hamkorligi sohasidagi salohiyatini oshirish” mavzusida oʻtkazilgan seminarda qatnashishdi;
  • Ikki yosh xodimlar tomonidan Birlashgan Arab Amirliklarida biznes soha vakillariga Oʻzbekistondagi xususiylashtirish jarayonlari taqdimot qilindi hamda Turkiya Respublikasida boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston-Turkiya biznes forumi” doirasida ishtiroki taʼminlandi;
  • Bir nafar yosh xodim Shveysariyaning Jeneva, AQSHning Vashington va Qozogʻistonning Ostona shaharlarida boʻlib oʻtgan Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhining yigʻilishlarida qatnashdi;
  • Bir nafar yosh xodim Yaponiyaning Tokio shahrida boʻlib oʻtgan “Loyihalarni boshqarish” boʻyicha treningda ishtirok etib, xorijiy davlatlar tajribalarini oʻrganib qaytdi.

Shuningdek, Davaktiv agentligi tizimida faoliyat olib borayotgan yosh xodimlardan 2 nafari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirishga tayyorlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Omanov Shoxjaxon va Metodologiya boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Yaxshiboyev Shohruh hozirda Janubiy Koreyaning “Ajou University” universitetining “MBA in IT-Business” magistratura bosqichini yakunlash arafasida ekanligi aytib oʻtildi.

Tadbir davomida Davaktiv agentligining bir qator yosh xodimlari oʻz maʼruzalari bilan ham ishtirok etdi va oʻzining tajribasi va yoshlarga yaratilgan sharoitlar haqida soʻz yuritdi.

Kelgusida ham Davaktiv agentligi tizimida faoliyat olib borayotgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlarni tizimli ravishda davom ettirilishi taʼkidlanib oʻtildi.

Tadbir soʻngida, Davaktiv agentligining yoshlari tomonidan bir qator takliflar bildirildi hamda ularning takliflari 2025-yil uchun ishlab chiqiladigan Yoshlar bilan ishlash boʻyicha Davaktiv agentligining dasturiga kiritilishi belgilandi. Oʻz oʻrnida, eng faol va izlanuvchan yoshlarga tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.

3819 Chop etish