Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

30 Sentyabr 2024

“Xalqchil IPO” dasturiga start berildi: “Roadshow” taqdimoti tafsilotlari

Joriy yil 26-sentabr kuni Toshkent shahridagi Hyatt Regency mehmonxonasida “Xalqchil IPO” dasturi doirasida “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ (OʻzRTXB) aksiyalarini ommaviy joylashtirishga bagʻishlangan “Roadshow” taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbir mamlakatning iqtisodiy sektori, vazirlik va idoralar vakillari, xorijiy moliyaviy institutlar, ilgʻor tadbirkorlar, ekspertlar va konsalting kompaniyalar, qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilarini birlashtirdi.

Taqdimot boshida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortikov soʻzga chiqib, “Xalqchil IPO” dasturining maqsad va vazifalari, imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi.

Yurtdoshlarimizni yirik davlat korxonalarining aksiyadorlari, mulkdori boʻlishlari uchun ushbu “Xalqchil IPO” dasturi ishlab chiqilgan.

Umuman olganda bizning maqsadimiz, aholimiz ushbu aksiyalarni sotib olish orqali qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻlishlari bilan bir qatorda, fond bozorining jonlanishiga va rivojlanishiga oʻz hissalarini qoʻshadi degan umiddamiz.

Shuning uchun, barcha aholimizdan ushbu “Xalqchil IPO” jarayonlarida faol ishtirok etib, ushbu noyob imkoniyatdan foydalanib olishlarini soʻrab qolamiz.” – dedi Akmalxon Ortikov.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Vyacheslav Pak oʻz nutqida “Xalqchil IPO” dasturining huquqiy asoslari xaqida soʻz olib bordi:

“Taʼkidlashni istardimki, ushbu hodisa va “Xalqchil IPO”ning oʻtkazilishi juda muhimdir, chunki u keng jamoatchilikning investitsiya madaniyatini shakllantirish va rivojlantirishga, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirishga va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga, shuningdek, investorlarni jalb qiladigan yangi va qiziqarli aksiyalarni paydo boʻlishiga xizmat qiladi.

Ushbu davlat kompaniyalarining aksiyalari “Xalqchil IPO” doirasida sotilishi natijasida minoritar aksiyadorlar soni koʻpayadi. Shu nuqtayi nazardan, Agentlik minoritar aksiyadorlar huquqlarini himoya qilishga katta eʼtibor qaratadi.”

 

 

Tadbir davomida, “Xalqchil IPO” dasturi doirasida Strategik konsultant sifatida jalb qilingan “KPMG” xalqaro konsalting kompaniyasining Investitsiyalar va kapital bozorlari boʻlimi direktori oʻrinbosari Madina Sarsekeeva soʻzga chiqib, “Xalqchil IPO” dasturining kapital bozori uchun ahamiyati va bu yoʻnalishdagi xorijiy tajriba yuzasidan batafsil maʼlumot berib oʻtdi.

“Xalqchil IPO” nafaqat davlat aktivlarini aholi oʻrtasida qayta taqsimlaydi, balki fuqarolarning mamlakat iqtisodiy hayotida faol ishtirok etishi uchun asos yaratadi. Ammo dasturni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zamonaviy infratuzilma va shaffof korporativ boshqaruv mavjud boʻlishi kerakligini anglash muhim. Bu omillar Oʻzbekiston fond bozoriga uzoq muddatli barqarorlik va ishonch uchun mustahkam poydevor yaratadi.

“Xalqchil IPO” dasturi faqat investitsiya jalb qilish vositasi emas, balki har bir fuqaroga mamlakat kelajagini shakllantirishda ishtirok etish imkoniyatini beradigan barqaror, ishonchli va shaffof moliya bozorini yaratish yoʻlidagi muhim qadamdir.” – deb taʼkidladi Madina Sarsekeeva.

 

Shu bilan birga, “OʻzRTXB” AJ boshqaruvi raisi Ziyoviddin Badriddinov oʻz nutqida OʻzRTXBning strategik maqsadlari va rivojlanish istiqbollari haqida keng maʼlumot berdi:

“Birja Markaziy Osiyo va MDH davlatlar birjalari oʻrtasida yaratilgan infratuzilma, raqamli xizmatlar va savdo hajmlari boʻyicha yetakchi oʻrinni egallab kelmoqda.

“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi birjaga “B” – barqaror reytingini, “Katta toʻrtlik”ga kiruvchi “ERNST & YOUNG” xalqaro auditorlik tashkiloti esa ijobiy audit xulosasini berishgan.

Soʻnggi 5 yil davomida birjaning barcha elektron savdo tizimlarida tuzilgan bitimlar boʻyicha rekord koʻrsatkichlarga erishildi. Xususan, oʻtgan davrda Birja orqali tuzilgan bitimlar hajmi 3,5 marotaba oʻsib, yillik 150 trillion soʻmlik savdolar oʻtkazildi, birjaning rentabelligi 2 barobarga, daromadi 3 barobardan, sof foyda deyarli 4 barobarga oshdi.

Birjada oʻtkaziladigan savdolar hajmining yillik oʻsishini 20-25% atrofida saqlanishini, sof foydani har yili oʻrtacha 30-35%ga oʻsishini taʼminlash va uning kamida 85%ni dividendlarni toʻlashga yoʻnaltirish - Birja faoliyatining kelgusi yillardagi ustuvor yoʻnalishlaridan.”

 

Bundan tashqari, tadbirda maʼruzachilar tomonidan “Xalqchil IPO” dasturi doirasida mavjud ommabop elektron platformalar orqali aksiyalarni sotib olish boʻyicha buyurtma berishning yangi imkoniyatlari va tartiblari haqida soʻz yuritildi.

Jumladan, “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ direktori Sohibjon Murodov oʻz nutqida, OʻzRTXB aksiyalarining ommaviy taklifini oʻtkazish jarayonida buyurtmalarni qabul qilish “Toshkent” RFB savdo maydonchasida amalda boʻlgan jarayonga qoʻshimcha ravishda, fuqarolar oʻrtasida ommalashishga ulgurgan va foydalanuvchilarga qulay boʻlgan “E-auksion” elektron savdo platformasi, shu jumladan uning mobil ilovasidan foydalangan holda 24/7 onlayn rejimida amalga oshirilishi istiqbollari yuzasidan tushuntirishlar berdi.

“Bugungi kunda 2 millionga yaqin aholi “E-auksion” platformasida aktiv foydalanuvchi hisoblanadi. Hozirda respublikamizdagi 10 mingga yaqin mahalladan 9 400 tasida yashovchi fuqarolar “E-auksion” platformasi orqali roʻyxatdan oʻtgan va bugungi kunda axborot texnologiyalaridan birlamchi bazaviy bilimga ega boʻlgan. Platforma ushbu fuqarolarni fond bozoriga jalb qilishga qoʻshimcha imkoniyat yaratadi.” – deb taʼkidlab oʻtdi Sohibjon Murodov.

 

Shuningdek, taqdimot davomida “Xalqchil IPO” dasturi doirasida anderrayter sifatida jalb qilingan “KapDepo” investitsiya kompaniyasining direktori Farrux Xoʻjayev bitim parametrlari tafsilotlarini oshkor qilib, OʻzRTXBning 3,3 mln.dona aksiyalarining (ustav fondidagi 4,4%) “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida sotuvi yuzasidan batafsil maʼlumotlar berdi.

“OʻzRTXBning aksiyalari ommaviy taklifidan soʻng,  bizning tahlilchilarimizning prognozlariga koʻra, 1 yilda davomida aksiyalar narxi 30 foizga oshadi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan jismoniy shaxslarning 1000 tagacha aksiya sotib olish boʻyicha arizalari birinchi oʻrinda qanoatlantiriladi. Rezident yuridik shaxslarning arizalari ikkinchi navbatda koʻrib chiqiladi, boshqa toifadagi investorlarning arizalari esa soʻnggi navbatda qanoatlantiriladi” – taʼkidladi Farrux Xoʻjayev.

 

Tadbir yakunida KapDepo investitsiya kompaniyasi tahlilchisi Muzaffar Roziqov aksiyalarni sotib olishga roʻyxatdan oʻtish va buyurtma berish tartibi yuzasidan tushuntirish berib oʻtdi. Undan tashqari, “E-auksion” platformasi va “Go Invest” mobil ilovasi orqali aksiya sotib olishning bosqichlari toʻgʻrisida ham nazariy, ham amaliy tarzda taqdimoti bilan tanishtirdi.

“Biz “Xalqchil IPO”ni chekka hududlarga yetkazish maqsadida, har bir fuqaroga oson boʻlgan brokerlik hisob raqamini ochish, aksiyalarni sotib olish imkoniyatini yaratish uchun “Go Invest” mobil ilovasini ishlab chiqdik. Ilova KapDepo va Satori konsorsiumi bilan birgalikda ishlab chiqildi. Ushbu ilova bugungi kunda birinchi unikal mobil ilovadan biri boʻladi.”

 

Oʻz oʻrnida, “Xalqchil IPO” dasturi iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish, kapital bozorini rivojlantirish va fuqarolarni moliyaviy daromad manbaiga ega boʻlishiga xizmat qilib, keng aholi qatlamlarini mamlakatning yetakchi davlat kompaniyalariga investitsiya kiritishiga jalb qilish uchun boshlangʻich nuqta boʻladi.

Yurtdoshlarimizni respublikadagi eng yirik kompaniyalarning aksiyadorlari – egalari boʻlish va ularni boshqarishda ishtirok etish imkoniyatidan foydalanishga chorlaymiz!

7277 Chop etish