Joriy yil 28-avgust kuni Davaktiv agentligi tomonidan “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ bilan hamkorlikda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Chorvoq” turistik rekreatsion zonasi hududida joylashgan “Ugam” turistik majmuasi, “Humson sanatoriyasi” dam olish maskani, “Chorvoq oromgohi” (“Piramidalar”) dam olish maskani hamda Chorvoq TRZ hududida joylashgan 45 ta yer uchastkalariga ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida press-tur tashkil qilindi.
Press-tur davomida OAV vakillari birinchi navbatda “Ugam” turistik majmuasiga tashrif buyurdi. Mazkur majmua O‘zbekistondagi unikal loyiha bo‘lib, u yerda 18 ta blokda ko‘p qavatli binolar barpo etilmoqda. Shuningdek, 830 ta bir, ikki va uch xonali apartamentlar, 100 o‘rinli bolalar bog‘chasi, 400 o‘rinli restoran, 100 o‘rinli fitnes va spa majmuasi, 500 ta avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh va boshqa qulayliklarga ega turistik majmua qurilmoqda.
Apartamentlar qurilish jarayonida bo‘lgani bois, “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali investitsion shartnoma tuzish huquqi sotuvga qo‘yiladi. Majmuadan muddatli to‘lov evaziga apartamentlarni xarid qilib, xaridor o‘zi dam olishi yoki uni ijaraga bergan holda foyda olishi mumkin. Turistik majmuada apartamentlar tayyor ta’mirlangan holda sotiladi. Apartamentlarni boshqaruv kompaniyasi orqali ijaraga berish imkoniyati mavjud. Majmuadagi elektr toki yangi qurilayotgan GES orqali ta’minlanadi va isitish tizimi avtonom shaklda suyultirilgan gaz tizimida ishlaydi.
Davaktiv agentligi tomonidan ommaviy savdolarga qo‘yilishi rejalashtirilgan “Humson sanatoriyasi” dam olish maskaniga ham tashrif buyurildi. Sanatoriyaning umumiy maydoni 14,93 ga bo‘lib, bino-inshootlar maydoni 14 971,1 kv.m, mavjud xonalar soni esa 253 ta. Hozirgi vaqtda Humson dam olish maskanining xususiylashtirish jarayonlariga konsultant jalb qilish choralari ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, OAV vakillari “Chorvoq” suv ombori yaqinida joylashgan 45 ta yer uchastkalariga tashrif buyurib, ijara huquqi asosida “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiq savdolarga chiqarilganligi, hamda yer uchastkalari 20 sotixdan 6,7 gektargacha bo‘lgan lotlardan iborat ekanligi bo‘yicha ma’lumot berildi.
Mazkur yer uchastkalarini sotib olgan xaridor to‘lovlarni 24 oy muddatda bo‘lib to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, bu yer uchastkalarida mehmonxonalar, mehmon uylari, sport-sog‘lomlashtirish inshootlari, xizmat ko‘rsatish va savdo majmualarini qurishga ruxsat etiladi.
Ta’kidlanganidek, “Chorvoq oromgohi” (“Piramidalar”) dam olish maskani Davaktiv agentligining 2021-yil 7-oktabrdagi ommaviy savdo to‘g‘risidagi eʼloniga muvofiq savdoga chiqarilgan edi. Savdo yakunlari bo‘yicha “Vip Logistics” MChJ QK 208,0 mlrd so‘m xarid toʼlovlarini amalga oshirish sharti bilan savdo g‘olibi deb topilgan.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ Marketing va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limiga murojaat qilishingiz mumkin.
Tel.: +998(71)202-23-10, +998(90)828-21-11, +998(90)902-01-09