Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda - Davaktiv agentligi/Buyurtmachi) “Humson sanatoriyasi” MChJdagi 100% ulushni hamda "Olmos" dam olish maskanini (keyingi oʻrinlarda - Dam olish maskanlari) xususiylashtirish boʻyicha professional konsalting kompaniyasini (keyingi oʻrinlarda - Konsultant) jalb qilish yuzasidan tanlov eʼlon qiladi.
Dam olish maskanlari Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanida, Ugom tog' tizimlari yon-bag‘rida, go'zal va tengsiz manzaralar qo'ynida, dengiz sathidan 1000 metr balandlikda, Toshkent shahridan 80 km shimoli-sharqda joylashgan.
Konsultant Dam olish maskanlarining sohaviy va individual xususiyatlaridan kelib chiqqan holda sotish jarayonini ilgʻor xorijiy tajriba asosida amalga oshirishi, shuningdek yetakchi biznes nashrlari orqali marketing kаmpaniyalarini tashkillashtirib, sogʻlomlashtirish va dam olish maskanini boshqarishga hamda rivojlantirishga salohiyatli bo‘lgan investorlarni jalb etish choralarini koʻrishi lozim.
Barcha qiziqish bildirgan talabgorlardan 2024-yil 29-avgust kuni soat 18:00ga (Toshkent vaqti bilan) qadar quyidagi Taklif taqdim etish uchun soʻrovnomaga (RfP) asosan tijorat takliflarini taqdim etishlari soʻraladi.
Konsultantlar tomonidan Dam olish maskanlarini xususiylashtirish uchun zarur boʻladigan barcha maslahatlar va konsultatsiya xizmatlarini taqdim etilishi kutiladi.
Konsultantlar talab etilgan ish hajmini toʻliq bajarish uchun konsorsiumga birikishlari yoki birgalikda qoʻshma takliflar taqdim etishlari mumkin.
Agar konsorsium tomonidan ariza taqdim etilsa, konsorsium bitimini taqdim etilishi soʻraladi. Agar, birgalikda qoʻshma tijorat taklifi taqdim etilsa, jalb qilingan sherik-konsultantning ham ishini muvofiqlashtirish uchun masʼul boʻlgan va javobgarlikni zimmasiga oladigan asosiy konsultant koʻrsatilishi kerak.
Barcha manfaatdor tomonlar quyidagi axborot kanallari orqali tijorat takliflarini taqdim etishlari soʻraladi (kodlangan holda):
Talʼat Yuldashevich Samandarov – Davlat aktivlarini xususiylashtirishga tayyorlash va xususiylashtirish departamenti boshligʻining oʻrinbosari;
Telefon: +998-71-259-20-67;
E-mail: tender@davaktiv.uz.
Diskleymer
Mazkur soʻrovnoma tijorat taklifini taqdim etish majburiyati hisoblanmaydi va Buyurtmachiga taklifni qabul qilish yoki shartnoma tuzish majburiyatini yuklamaydi. Shunga koʻra, takliflar uchun ushbu soʻrovnomani eʼlon qilish va/yoki u bilan bogʻliq arizalarni olish, bir yoki bir nechta ishtirokchilar bilan muzokaralar va muhokamalar orqali shartnoma tuzishni nazarda tutmaydi.
Ushbu hujjatda keltirilgan materiallar va maʼlumotlar loyihaning faqat eng muhim tomonlarining dastlabki xulosasi va Konsultantdan xususiylashtirish boʻyicha kutilishi mumkin boʻlgan ishlar hajmi toʻgʻrisida umumiy maʼlumot sifatida xizmat qilishiga moʻljallangan.
Tanlov ishtirokchilari tanlov jarayoni bilan bogʻliq holda Buyurtmachi uchun dastlabki taqdimotlar va takliflarni tayyorlashning yagona cheklangan maqsadidan tashqari, hech narsaga tayanolmaydilar va ishonmasliklari shart.
Boʻstonliq tumani, "Humson" qishlog'idagi dam olish maskanlarini xususiylashtirish yuzasidan konsultantlarni jalb qilish boʻyicha taklif taqdim etish uchun soʻrovnoma (RfP)
Kirish
Xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, “Humson sanatoriyasi” MChJdagi 100% ulushni hamda "Olmos" dam olish maskanini xususiylashtirilishi belgilangan (keyingi oʻrinlarda - Bitim).
Savdo jarayonlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik talablari doirasida hamda Dam olish maskanlarining sohaviy va individual xususiyatidan kelib chiqib, eng yaxshi xorijiy yoki mahalliy tajriba asosida tashkil etilishi lozim.
Dam olish maskanlari toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot:
“Humson sanatoriyasi” dam olish maskani:
- Manzili: Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, “Humson” mahallasi, Ugom koʻchasi, 121-uy;
- Umumiy maydoni: 14,93 ga;
- Bino-inshootlar maydoni: 14 971,1 kv.m;
- Mavjud xonalar soni 253 ta.
“Olmos” dam olish maskani:
- Manzili: Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, “Humson” mahallasi, Ugom bo‘yi koʻchasi;
- Umumiy maydoni: 5,0 ga;
- Bino-inshootlar maydoni: 1 548 kv.m;
- Mavjud xonalar soni 216 ta.
Konsultantlardan kutilayotgan takliflar tuzilmasi va ularga qoʻyiladigan talablar:
Konsultantning taklifi (individual ariza beruvchi yoki konsorsium) oʻzbek yoki rus/ingliz tillarida tayyorlanishi hamda quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim:
a) Dam olish maskanlarini xususiylashtirish jarayonini tashkillashtirish boʻyicha konsultantning kelgusidagi harakatlar ketma-ketligini va ish koʻlamini oʻz ichiga olgan rejasi. Konsultantning tavsiyalari va takliflariga qisqa vaqt ichida tegishli javob berilgan taqdirda, xususiylashtirish jarayonining davomiyligi boʻyicha xulosasi (10 ballgacha);
b) Tijorat taklifi ikki qismdan iborat (50 ballgacha):
- Xizmat haqining qatʼiy qismi yagona raqam shaklida (QQS va boshqa xarajatlar bilan birga) boʻlishi va konsultantning subyektiv taxminlaridan holi boʻlishi lozim;
- Taklif etilgan haq miqdori ishlab chiqilgan savdo strategiyasiga bogʻliq va Buyurtmachi taklifning muvaffaqiyati uchun (“success fee”) mutanosib haq toʻlashni taʼminlaydigan takliflarga ustunlik beradi;
- Agar xizmat haqi narxlar oraligʻida berilgan boʻlsa, unda taklifni baholash uchun uning yuqori chegarasi qabul qilinadi. Qoʻshimcha joriy xarajatlar (xizmat safari, tarjima va boshqalar uchun) belgilangan qatʼiy qismiga kiritilishi kerak;
v) Shu toifadagi aktivlar doirasida tuzilgan bitimlar yuzasidan konsultantlarning ish tajribasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, 2017-yil 1-yanvar kunidan boshlab hozirgi davrga qadar MDH mintaqasidagi mandatlar toʻgʻrisida maʼlumot (20 ballgacha);
g) Loyihani amalga oshirishdan kelib chiqib, Bitimni amalga oshirish yuzasidan ishlarni tashkil etish boʻyicha taklif. Taklif etilgan Bitimga jalb qilingan jamoa haqida maʼlumot, shaxslarning (jismoniy va yuridik) ismlari va ular haqidagi maʼlumotlar: ish tajribasi, faoliyat muddati, bitimlar tuzish boʻyicha umumiy tajriba va ularni amalga oshirish boʻyicha malakasi (20 ballgacha);
d) Qoʻyilgan vazifalarni bajarish uchun yetarli salohiyat va vakolatga egaligi, shuningdek, inson, vaqt va moddiy resurslarning mavjudligi toʻgʻrisida yozma ariza;
e) Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi haqida maʼlumot. Maslahatchi ushbu savdoga jalb qilingan taqdirda ziddiyatlar olib kelishi mumkin boʻlgan hollarda potensial bitim boʻyicha salohiyatga ega ekanligini koʻrsatish.
Xususiylashtirish boʻyicha konsultantdan kutilayotgan ishlar hajmi
1. Dam olish maskanlarini boshqarish sohasidagi bozor tahlili:
- Oʻzbekistonda va mintaqada sohani rivojlantirishdagi sharoitlarni va bozor tahlili, soha korxonalarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar; Oʻzbekistonda sogʻlomlashtirish va dam olish maskanlari faoliyati bozorini tartibga soluvchi asosiy qoidalar tavsifi;
- boshqa (jumladan, qoʻshni) davlatlarda mazkur sohada amalga oshirilgan xususiylashtirish tajribasi tahlili, ushbu turdagi aktivning xususiylashtirishdagi muvaffaqiyatsizliklarining asosiy sabablari, kelgusida sohani rivojlantirish va muvaffaqiyatli xususiylashtirishni taʼminlovchi omillar;
2. Dam olish maskanlari tahlili:
- Dam olish maskanlarining tavsifi, uning bozor va raqobatdagi oʻrni;
- xatarlar (risk)ning tahlili: investor tahliliga muvofiq Dam olish maskanlarini xatarga qoʻyadigan potensial yoʻnalish va ehtimollarni aniqlash va bunday bitimlarning muvaffaqiyatsizligiga sabab boʻladigan eng keng tarqalgan sabablarni oʻrganish. Aniqlangan risklarni kamaytirish borasida chora-tadbirlarni belgilash toʻgʻrisida tavsiyalar berish;
- yuridik ekspertizadan oʻtkazish, jumladan, quyidagi masalalarda:
- tovar belgisi, bozor brendlari va intellektual mulkning boshqa jihatlariga egalik qilishni aniqlash;
- Dam olish maskanlarilarga egalik qilish huquqi, korxona foydasiga yoki uchinchi shaxslarning mol-mulkiga boʻlgan mulkiy huquqlar, uchinchi shaxslar foydasiga belgilangan cheklovlar;
- daʼvolar va qarzlar, talablarning holati, shuningdek qarzlarni undirish va majburiy ijro etish boʻyicha koʻrilgan choralar;
- mehnat va raqobat qonunchiligi, atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi nizolarga rioya qilish holati;
- Dam olish maskanlarini xususiylashtirish boʻyicha harakatlar ketma-ketligi tavsifi bilan xususiylashtirish mexanizmi boʻyicha takliflar va eʼlon matni boʻyicha tavsiyalar.
3. Dam olish maskanlarini sotishdan oldin tayyorlash boʻyicha maslahatlar:
- Dam olish maskanlarining investitsiya jozibadorligini oshirish, eng yaxshi amaliyotlar va oʻxshash (analog) aktivlarning tahlili asosida tuzilma va boshqaruvni takomillashtirish boʻyicha takliflar;
- Dam olish maskanlarining har tomonlama (soliq, huquqiy, moliyaviy va ekologik) chuqur tahlilini oʻtkazish (due diligence);
- optimal marketing strategiyasi boʻyicha tavsiyalar, marketing materiallarini tayyorlash (tizer, info-memorandum, jarayon holati boʻyicha xat va boshqalar);
- Roadshow va “PR” strategiyasini ishlab chiqish, jamoatchilik bilan aloqalar oʻrnatish boʻyicha tavsiyalar taqdimoti, ularning savollariga javoblar;
- baholash uslubini toʻgʻri tanlash va ularning investorlar uchun dolzarbligini belgilash, har bir mehmonxona boʻyicha diapazon narxi boʻyicha tavsiyalarni taqdim etish;
- investor nuqtai nazaridan baholashga taʼsir etuvchi asosiy omillar, asosiy koʻrsatkichlar va taxminlarni aniqlash;
- loyiha doirasida boshqa malakali konsultantlarni jalb etish (zarur boʻlgan hollarda) va ularning ishini muvofiqlashtirish.
4. Bitim jarayoniga hamrohlik qilish:
- Dam olish maskanlarini xususiylashtirishga qaratilgan barcha choralarni koʻrish, virtual maʼlumotlar xonasi (VDR) tashkil etish (zaruratga koʻra);
- salohiyatli talabgorlar bilan aloqalarni muvofiqlashtirish, shu jumladan, ularning savollariga javoblar berish;
- barcha zarur hujjatlarni, jumladan oldi-sotdi shartnoma loyihasini (oʻzbek tiliga tarjimasi bilan) tayyorlash bilan birga sotish jarayonida hamrohlik qilish;
- Bitimni eʼlon qilish va yopishni tashkillashtirish.
(1) Agar ariza konsorsium tomonidan taqdim etilgan taqdirda, konsorsium boʻyicha kelishuvni taqdim etish, shuningdek, muvofiqlashtiruvchi asosiy maslahatchi (odatda konsorsium rahbari deb ataldi) koʻrsatish lozim. Ushbu holatda xizmatlarning umumiy qiymati koʻrsatilishi kerak.
(2) Agar konsultantlarning takliflari Konsultantlardan kutilayotgan takliflar tuzilmasi va ularga qoʻyiladigan talablarning "a","v" va "g" bandlarida koʻrsatilgan talablardan kelib chiqib 30 balldan kam baholansa, "b" bandida nazarda tutilgan baholash bali qoʻllanilmaydi.